Qirg‘izistonda ayollar 10 tagacha farzandli bo‘lishga chaqirilmoqda

Фото: gov.kg

Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiуev qirg‘izistonlik ayollarni yana ko‘proq bola tug‘ishga chaqirdi. Uning aytishicha, bu davlat xavfsizligini mustahkamlash uchun zarur.

“Bizda juda ko‘p bola bo‘lishi kerak. Ayollar, yosh kelinlar buni e’tiborga olishlari lozim. Davlat xavfsizligini mustahkamlash aholi soniga bevosita bog‘liq. Agar aholi soni oshmasa, xavfsizlikni ta’minlash murakkab vazifa bo‘ladi. Hozir dunyoda juda katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, qo‘shni davlatlar bizdan aholi soni jihatidan ilgarilab ketmoqda”, – deya ta’kidlaydi Tashiуev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat tug‘ilishni oshirishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlaydi. Qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi omillar qatorida Tashiev Qirg‘izistonning tog‘li hududlarida yashovchi oilalarga ona kapitali to‘lashni rejalashtirilganini tilga olgan.

Xususan, 4-bola tug‘ilganligi uchun 100 ming som (1165.50 AQSh dollari), 5-bola tug‘ilganligi uchun 600 ming som (6993.04 AQSh dollari), 7-bola tug‘ilganligi uchun 1 million som (11655 AQSh dollari) to‘lanishi rejalashtirilgan. 8 va 9-bola tug‘ilganligi uchun 1,5 million som (17483 AQSh dollari), 10-bola tug‘ilganligi uchun esa 2 million som (deyarli 24000 AQSh dollari) to‘lash mo‘ljallangan.

Hozirda Qirg‘iziston aholisi taxminan 7 million kishini tashkil etadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.