Rossiyadan benzin eksportiga qo‘yiladigan yarim yillik taqiq O‘zbekistonga taalluqli bo‘lmaydi

Фото: РИА

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 2024-yil 1-martidan boshlab yarim yilga benzin eksportiga taqiqni ma’qulladi. Bu haqda “RBK” o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Shuningdek, ularga ko‘ra, birjada dizel savdosi normativini 16 foizgacha oshirishga ham qaror qilingan.

Eksportga vaqtinchalik taqiq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga yetkazib berish bo‘yicha kelishilgan hajmlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilish taklifi bilan bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak murojaat etgandi. 21-fevraldagi xatida u bahorgi dala ishlari, neftni qayta ishlash zavodlaridagi rejali ta’mirlashlar, shuningdek, yozgi ta’tillar tufayli ichki bozorda tez orada yonilg‘iga yuqori talab mavsumi boshlanishini aytgandi.

“Neft mahsulotlariga talab shov-shuvli tarzda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida choralar ko‘rib, neft mahsulotlari ichki bozorida narxlarni barqarorlashtirish zarur”, — deya taklif etgandi Novak buni yonilg‘i bozoridagi narxlar monitoringi ma’lumotlari bilan asoslab.

Bosh vazir o‘rinbosari Novakning vakili shunday qaror qabul qilinganini tasdiqladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.