Isroil G‘azodagi qochqinlar lageriga aviazarba berdi, 18 kishi halok bo‘ldi
Isroil G‘azo sektori markaziy qismidagi falastinlik qochqinlarning Nuseyrat lageriga bergan aviazarbasi oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘lib, 44 kishi yaralandi, deb xabar bermoqda CNN. Qurbonlar orasida BMTning Falastinlik qochqinlarga ko‘maklashish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA)ning olti nafar xodimi ham bor.
Avvalroq Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) sobiq Al-Jauniy maktabi binosiga zarba berilganini ma’lum qilgandi. SAXAL da’vo qilishicha, u yerda HAMAS harakati jangovar qanotining falastinlik radikallari bo‘lgan. Maktab binosi jangarilar tomonidan SAXAL “qo‘shinlariga qarshi teraktlarni rejalashtirish va amalga oshirish” uchun foydalanilgan.
UNRWA bitta hodisa oqibatida halok bo‘lgan tashkilot xodimlari soni bu safar eng ko‘p bo‘lganini qayd etdi. Al-Jauniy maktabida qariyb 12 ming nafar falastinlik jon saqlayotgan bo‘lgan.
10-sentabr kuni ham Isroil G‘azo sektorida janubidagi falastinlik qochqinlar lageriga zarba bergan, oqibatda 40 kishi halok bo‘lib, 60 kishi jabrlangan edi.
Sharhlar