Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Putinni saylovlardagi “ishonchli g‘alabasi” bilan tabrikladi

Foto: “Izvestiya”

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Vladimir Putinni Rossiya prezidenti saylovidagi “ishonchli g‘alabasi” bilan tabrikladi. Tojikiston rahbari matbuot xizmati unga atalgan tabrik telegrammasini e’lon qildi. U Putinning ikki mamlakat aloqalarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi.

“Bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijalari Sizning yuqori siyosiy avtoritetingizni hamda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlab, uning xalqaro o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan davlat yo‘nalishingiz Rossiya jamoatchiligi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rsatuvchi yana bir yorqin dalildir”, — deyiladi telegrammada.

Vladimir Putinni g‘alaba bilan qutlagan ilk chet el yetakchilari orasida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va Nikaragua rahbari Daniel Prtega ham bo‘ldi.

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi protokollarning 99,33 foizi hisoblab chiqilganidan keyin bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Putin prezident saylovida ovozlarning 87,32 foizini to‘plamoqda. Boshqa nomzodlar, jumladan, Nikolay Xaritonov 4,32 foiz, Vladislav Davankov 3,79 foiz va Leonid Slutskiy 3,19 foiz ovoz yig‘gan. Ovoz berishda saylovchilarning 74,22 foizi qatnashgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.