Rossiya Bosh shtabida muddatli xizmatga chaqiriluvchilarni Ukrainaning bosib olingan hududlariga yubormaslikni va’da qilishdi
Rossiyada muddatli xizmatga chaqiriluvchilarni Ukrainaning bosib olingan hududlariga xizmat qilishga yubormaslikni va’da qilishmoqda. Bu haqda Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabining bosh tashkiliy-safarbarlik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari vitse-admiral Vladimir Simlyanskiy ma’lum qilgan.
“Ta’kidlashni istardimki, chaqiruv bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotganlar yangi hududlarda maxsus harbiy operatsiya vazifalariga jalb etilmaydi”, – dedi Simlyanskiy brifing chog‘ida (TASS iqtibosi).
Shu bilan birga, chaqiriluvchilarning hammasi ham oddiy jangovar qismlarga yuborilmaydi – taxminan uchdan bir qismi o‘quv qo‘shinlari va harbiy qismlarga tushadi. Simlyanskiyning so‘zlariga ko‘ra, u yerda ular “zamonaviy harbiy texnikani o‘zlashtiradi va harbiy mutaxassislikka ega bo‘lishadi”.
“Mashg‘ulotlar yakunlangach, olingan ko‘nikmalarga muvofiq ular qo‘shinlarga yuboriladi”, – dedi Rossiya Mudofaa vazirligining vakili.
Shuningdek, chaqiriluvchilarning bir qismi “ilmiy-amaliy masalalarni hal etish uchun” ilmiy bo‘linmalarga hamda “mashg‘ulotlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan” sport rotalariga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra 2024-yil oktyabr oyidan dekabr oyi oxirigacha Rossiya armiyasiga 133 ming kishini chaqirilishi rejalashtirilgani haqida yozgan edik.
Sharhlar