Rossiya davlat telekanali uchuvchi Maksim Kuzminovning o‘ldirilishi ortida Rossiya turganini tan oldi
Rossiya davlat telekanalining Dmitriy Kisilyov bilan “Vesti nedeli” dasturi katta syujetini Ispaniyada o‘ldirilgan rossiyalik sobiq uchuvchi Maksim Kuzminovga bag‘ishladi. 10 daqiqalik videoda telekanal uning daf qilinishi ortida Rossiya turganini tan oldi, deyish mumkin.
Kuzminovning o‘ldirilishi haqidagi syujet dastlab “Itga — itning o‘limi” sarlavhasi ostida anons qilingan. Ammo ko‘rsatuvga efirga uzatilganida u “Qilmishiga yarasha!” deb o‘zgartirilgan. “Shirin hayot istagan edi, buning o‘rniga oltita o‘q yedi”, — dedi Kisilyov.
“Vesti nedeli” Kuzminovni “sotqin” va “munofiq” deb atadi. Syujet muallifi Sergey Zenin Rossiya razvedka bosh boshqarmasi maxsus topshiriqli ofitserlari tomonidan Kuzminov qochib ketganidan keyin darhol uyushtirilgan arxiv intervyularni namoyish qildi. Ulardan biri: “Biz bunday voqeani qanday unutishimiz mumkin? Qanaqa qilib bo‘lsa ham jazolaymiz”, — degan. Zeninning o‘zi esa: “O‘tgan yil yozida Kuzminovning kelajagi haqida ishonch bilan gapirishgandi — buyruq olingan, uning bajarilishini esa vaqt ko‘rsatadi”, — deya bu gaplarni to‘ldirdi.
Kuzminov 2023-yil avgustida Rossiya qurolli kuchlarining Mi-8 vertolyotini Ukraina hududiga qo‘ndirgan. Keyinroq Maksim Kuzminov Kiyevdagi matbuot anjumanida so‘zga chiqib, o‘z qarorini harbiy operatsiyaga nisbatan salbiy fikrda ekani bilan izohlagandi. Ukraina Razvedka bosh boshqarmasi Kuzminov keyinroq Ispaniyaga ko‘chib ketganini ma’lum qilgandi.
19-fevral kuni Kuzminov Ispaniyada o‘ldirib ketildi — unga bir necha marta o‘q uzilgan, so‘ng mashina bilan bosib ketilgan.
Sharhlar