Rossiya OAV: Tojikistonlik oila “Krokus”ga hujum tayyorlanayotgani haqida bilgan
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari va guvohlarning ko‘rsatmalari natijasida “Krokus Siti Xoll” kontsert zalida sodir etilgan hujum ishtirokchilariga Renault Symbol rusumli avtomashinani sotgan tojikistonlik oilaning a’zolari teraktga tayyorgarlik ko‘railayotganidan xabari borligi aniqlangan. Bu ma’lumotlar TASS ko‘rib chiqqan ish materiallarida keltirilgan.
Materiallarga ko‘ra, sudga Islomov A.I., Islomov D.I., Islomov I.I. va Qosimov A.X.ning ishtiroki ehtimolini ko‘rsatuvchi dalillar taqdim etilgan. Ushbu ma’lumotlar guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari, tekshirish va tintuv natijalari asosida to‘plangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Islomovlar oilasi avtomashinani terakt sodir etgan shaxslarga sotgan, Alisher Qosimov esa ularga boshpana uchun kvartira ajratgan.
Ayblanuvchilar Tojikistonda tug‘ilgan Dilovar va Aminxon Islomovlar hamda ularning otasi Isroil Islomov.
Xabarda aytilishicha, aka-ukalardan biri Renault Symbol avtomobiliga ega bo‘lib, hujumchilar terrorchilik harakatidan keyin ushbu mashinada qochishgan. Ayblanuvchilarning hech biri, shuningdek qirg‘izistonlik Alisher Qosimov ham o‘z aybini tan olmayapti.
TASS xabariga ko‘ra, Islomovlar oilasining advokatlari sudda ularning mijozlari o‘zlarining sobiq mashinasini yangiliklar xabarlarida ko‘rib, o‘z ixtiyori bilan huquq-tartibot idoralariga kelganini va avtomobil sotilgani haqida ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan.
Ayni paytda ish bo‘yicha ayblanuvchilardan biri Daler Mirzoуevning ota-onasi olti oy davomida o‘g‘li haqida hech qanday ma’lumot ololmayotganidan shikoyat qilgan. Tojikiston tuman politsiyasi ularning so‘rovlariga javob bermayapti.
“Bu voqea sodir bo‘lganidan beri u bilan gaplashmadik, hozir unga nima bo‘lganini ham bilmaymiz”, – deydi Dalerning onasi Gulrakat Mirzoуeva.
22-mart kuni Moskva yaqinidagi Krasnogorskda joylashgan “Krokus” kontsert zalida sodir etilgan teraktda 144 kishi halok bo‘lgan, 550 dan ortiq kishi jarohatlangan. 23-mart kuni ertalab Rossiya Federatsiyasining Bryansk oblastida 4 nafar gumonlanuvchi: Dalerjon Mirzoуev, Saidakram Rajabalizoda, Shamsiddin Fariduni va Muhammadsobir Fayzov qo‘lga olingan.
Keyinroq jinoiy sherik ekani aytilayotgan yana yetti nafar shaxs, jumladan, aka-uka Aminjon va Dilovar Islomovlar, ularning otasi Isroil Islomovlar, shuningdek, Alisher Qosimov, Lutfulloi Nazirmad, Yoqubjon Yusufzoda va Muhammad Sharifzoda hibsga olingan.
Umuman olganda, FXX direktori Aleksandr Bortnikovning so‘zlariga ko‘ra, teraktga aloqador 20 dan ortiq kishi qo‘lga olingan. Ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.
Sharhlar