BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning koinotga qurol joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiyasini qabul qilmadi
BMT Xavfsizlik kengashi Rossiya tomonidan tayyorlangan koinotga qurol joylashtirmaslik bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini bloklab qo‘ydi. Loyihaga qarshi Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 7 tasi ovoz berdi, deb yozadi “Kommersant”.
Rezolyutsiya loyihasini yettita mamlakat, shu jumladan, Rossiya va Xitoy yoqlab chiqdi. Shveysariya betaraf qoldi. Rezolyutsiya qabul qilinishi uchun BMT XKning kamida 9 ta a’zosining ovozi kerak edi. Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya aytishicha, loyihaning rad etilishi AQSHning koinotni harbiylashtirish niyatini isbotlaydi.
Aprelda Rossiya BMT XKda Yer orbitasiga yadro qurolini va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlovchi Amerika-Yaponiya rezolyutsiyasiga veto qo‘ygan edi.
O‘tgan hafta The New York Times gazetasi Pentagon vakillariga tayanib, AQSH yer usti va fazoviy texnologiyalarning yangi avlodini yaratishni rejalashtirayotgani, ular Amerika sun’iy yo‘ldosh tarmoqlarini hujumlardan himoya qilish va boshqa mamlakatlar sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilish imkonini berishi haqida yozgandi.
Sharhlar