Rossiya Mudofaa vazirligi yadroviy zarba berishni mashq qildi
Rossiya armiyasi prezident Vladimir Putin NATOga a’zo davlatlar Ukrainaga qo‘shin jo‘natishga qaror qilgan taqdirda ularga zarba berish bilan tahdid qilganidan bir kun o‘tib yadroviy qurollarni ommaga namoyish qildi, deb yozadi The Moscow Times.
Mudofaa vazirligi raketaning jangovar tayyorgarligi va jangovar kallaklari Kamchatka yarim orolidagi Kura poligoniga muvaffaqiyatli yetkazilgani haqida e’lon qildi. Mashqning maqsadi Yarsning taktik va texnik xususiyatlarini tasdiqlash va ushbu kompleksning boshlang‘ich batareyasini qayta joylashtirish tartibini ishlab chiqish bo‘lgan.
Stokgolm tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil boshida Rossiya qurolli kuchlarida 171 ta “Yars” uchiruvchisi bo‘lgan. Bu majmualar mamlakatda quruqlikdagi barcha strategik yadro qurollari tashuvchilarining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.
Prezident Putinning 29-fevral kuni Federal Majlisga qilgan murojaatida G‘arb davlatlari Ukrainaga harbiy aralashuvi sodir bo‘lgan taqdirda yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqida ogohlantirilgan. Putin Rossiya o‘z yadroviy arsenalidan kafolatli foydalanishga tayyorligini ta’kidlagan va tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda “sivilizatsiyani yo‘q qilish” bilan tahdid qilgan.
Sharhlar