Rossiya Ukraina energetika obyektlariga zarba berdi. Hujum tufayli Polsha o‘z aviatsiyasini havoga ko‘tardi

Фото: suspilne.media

29-martga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukrainaga raketa va dronlar bilan yoppasiga hujum qildi. Mamlakatda tuni bilan havo trevogasi amal qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

“Ukrenergo” xabariga ko‘ra, Rossiya energetika infratuzilmasi obyektlarini nishonga olgan. Zarba natijasida Ukrainaning markaziy va g‘arbiy hududlaridagi issiqlik va gidroelektr stansiyalariga zarar yetgan.

Ukraina energetika vaziri German Galushchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Dnepropetrovsk, Poltava va Cherkasi viloyatlaridagi elektr energiyasini ishlab chiqarish obyektlari zarbalar ostida qolgan. Shuningdek, tunda Xmelnitsa, Lvov va Ivano-Frankov viloyatlarida portlashlar haqida xabarlar berilgan.

Dnepropetrovsk viloyatida tunda 12 ta raketa va 12 ta uchuvchisiz uchar qurilma urib tushirilgan. Dneprovsk, Krivoy Rog va Kamensk tumanlarida bir nechta energetika obyektlari jabr ko‘rgan, ulardan birida bir kishi yaralangan. Kamenskda dala-hovli kooperativiga zarba kelib tushgan, besh nafar mahalliy fuqaro, shu jumladan besh yoshli qizcha yaralangan.

Polsha Qurolli kuchlari qo‘mondonligi Rossiyaning Ukrainaga raketa hujumi tufayli, tunda harbiy aviatsiyasini havoga ko‘targanini ma’lum qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.