Rossiyada IIV ofisini portlatish bilan tahdid qilgan o‘zbekistonlik fuqaro qo‘lga olindi

Фото: spb.kp.ru

Sankt-Peterburgda Ichki ishlar vazirligining patent berish idorasini portlatib yuborish bilan tahdid qilgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda “Komsomolskaya pravda” xabar beradi.

Voqea 3-iyun kuni sodir bo‘lgan. Politsiyaga noma’lum shaxs Moiseyenko ko‘chasidagi binoni portlatib yubormoqchi ekani haqida xabar kelib tushgan.

Ma’lum qilinishicha, huquq-tartibot idoralarining xodimlari bino va uning atrofini ko‘zdan kechirib, xavfli hech nima topmagan. Hech qanday evakuatsiya amalga oshirilmagan.

Keyinchalik yolg‘on tahdid 2-may kuni Rossiyaga ishlash maqsadida kelgan 35 yoshli ishsiz o‘zbekistonlik tomonidan yuborilgani ma’lum bo‘lgan.

Erkak qo‘lga olinib, unga nisbatan terrorchilik harakati haqida yolg‘on xabar berish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.