Shveysariyadagi sammitda qatnashishga rozi bo‘lgan mamlakatlar 78 tagacha kamaydi
Shveysariyada Ukraina bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan tinchlik sammitida o‘z ishtirokini tasdiqlagan mamlakat va tashkilotlar soni 93 tadan 78 tagacha qisqardi. Bu haqda “Radio Svoboda” Yevroittifoq mamlakatlari anonim diplomatlariga tayanib xabar berdi. Radiostansiya suhbatdoshlari qayd etishicha, sammitda qatnashishdan bosh tortgan mamlakatlar soni oshishi mumkin.
Radiostansiya manbalari aynan qaysi mamlakatlar bosh tortganiga aniqlik kiritmadi. Shuningdek, diplomatlardan biri hali hammasi yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkinlgini ham aytdi. Ukraina bo‘yicha sammit 15—16-iyun kunlari Byurganshtokda bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning tinchlik formulasidagi uchta bandni muhokama qilish rejalashtirilmoqda.
Unga Yevroittifoq, BRIKS, G20 mamlakatlaridan 160 dan ortiq delegatsiya taklif qilingan edi. OAVlar ma’lumotlariga ko‘ra, sammitda qatnashishdan JAR, Braziliya va Saudiya Arabistoni bosh tortgan. Rossiya sammitga chaqirilmagan.
Sharhlar