Ukraina Rossiya dronlari tufayli Amerikaning Abrams tanklarini front chizig‘idan olib ketdi

Фото: Warspot

Amerika tomonidan Ukrainaga berilgan Abrams M1A1 tanklari janglarda boshqa ishtirok etmaydi, deb yozadi Meduza. Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi ularni front chizig‘idan qaytarib oldi.

Associated Press harbiy manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, ushbu tanklarni jangovar harakatlar zonasida qo‘llash deyarli imkonsiz — dronlar zirhli texnika harakatini kuzatib, unga hujum qilmoqda.

“Ko‘rib qolmasliklariga ishonch hosil qilib, bemalol yurib o‘tish mumkin bo‘lgan ochiq joylar yo‘q”, — dedi agentlik suhbatdoshi.

AQSH Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari admiral Kristofer Uotson Greydi ma’lum qilishicha, Amerika va Ukraina harbiylari Abrams tanklaridan foydalanish yo‘llarini topish ustida birgalikda ishlamoqda.

AQSH 2023-yil kuzida Ukrainaga 31 ta Abrams tanklarini yuborgan edi. Bunday tanklardan birinchisiga zarba berilgani haqida Rossiya harbiylari fevral oxirida ma’lum qilgandi. Amerika OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oxirigacha Ukrainada kamida beshta Abrams tanklari yo‘qotilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.