Shols: Ukraina bilan bitim germaniyalik askarlarning urushga yuborilishini anglatmaydi
Germaniya kansleri Olaf Shols Germaniya qo‘shinlari Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etmasligini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Shu bilan birga, u Kiyevga uning mudofaa salohiyatini mustahkamlashga va’da berdi.
“Shu narsa aniqki, Ukrainadagi bu urushda nemis askarlari bo‘lmaydi. Bu bitim Germaniya jang qiluvchi tomonga aylanishini anglatmaydi”, — dedi Shols 16-fevral kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan tuzilgan xavfsizlik haqidagi bitim yuzasidan videomurojaatida.
Kansler aytishicha, Berlin harbiy jihatdan ko‘mak berib, qurol yuboradi, ukrainalik askarlarni tayyorlaydi, Ukraina mudofaa sanoati modernizatsiyasida yordam beradi.
Avvalroq Olaf Shols Germaniya Ukrainaga 1,1 milliard yevrolik yangi harbiy yordam paketini ajratishini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzoladi.
Sharhlar