Ukraina Fransiya bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik haqida bitim imzoladi

Foto: AP

Ukraina va Fransiya prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Emmanuel Makron 16-fevral kuni kechqurun Parijda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama kelishuv imzoladi, deb yozadi “Kommersant”.

Bitimga muvofiq, Fransiya 2024-yilda Ukrainaga 3,24 milliard yevrolik qo‘shimcha harbiy yordam taqdim etadi, askarlarni o‘qitadi va ko‘proq qurol yo‘naltiradi. Avvalroq Ukraina Germaniya va Buyuk Britaniya bilan ham shunday kelishuvlar imzolagandi.

Bitimda aytilishicha, Fransiya, boshqa sheriklar kabi, Ukrainaga mudofaa salohiyatini “NATOga yanada moslashtirishga” yordam beradi. Gap Ukrainaning mudofaa sektorini rivojlantirish va mamlakatning harbiy alyansga kirishiga imkoniyat yaratish haqida bormoqda.

“Bu bizning Ukrainani uzoq istiqbolda qo‘llab-quvvatlashga qat’iy bel bog‘laganimizni bildiradi”, — dedi Emmanuel Makron Zelenskiy bilan matbuot anjumanida. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv 2023-yil iyulida Vilnyusdagi NATO sammiti doirasida G7 (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSH) formatida olingan majburiyatlarni konkretlashtiradi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.