Putin Shoyguni korrupsiya hamda samarali urush olib borishga noqobilligi uchun iste’foga yuborgan — Bloomberg
Rossiya prezidenti Vladimir Putin vazirlik yoppasiga korrupsiya sharoitida urush olib borishga qodirligi yuzasidan ishonchini butkul yo‘qotgach, Sergey Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan olib, Xavfsizlik kengashi kotibligiga o‘tkazishga qaror qilgan. Bu haqda Bloomberg nashrining uch nafar manbasi ma’lum qilgan.
Ulardan birining aytishicha, Putin “urushni fahm va idrok bilan olib borish zarurligi” tufayli, Shoyguning o‘rniga iqtisodiyot bo‘yicha o‘zining sobiq yordamchisi va bosh vazir o‘rinbosari Andrey Belousovni tanlagan. Prezident unga mudofaa vaziri bo‘lishni taklif etganida, 65 yoshli Belousov hayratga tushgan. Biroq manbalar ta’kidlashicha, Belousov ikkilanishsiz rozi bo‘lgan, chunki Putinga shunchaki prezident sifatida emas, balki “jahon tarixini o‘zgartiruvchi global siymo” sifatida qaraydi.
“Belousov Shoyguning qo‘lidan kelmagan, armiya ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash uchun tayinlandi. Ammo Belousov amaliy rahbarlik qilishi yoki strategiyalarni amalga oshirishi bilan emas, balki ko‘proq siyosatni ishlab chiqishi bilan tanilgan”, — dedi Moskvadagi “Strategiya va texnologiyalar tahlili markazi” rahbari Ruslan Puxov.
Sharhlar