Sud Trampga 355 mln dollar to‘lash majburiyatini yukladi va Nyu-Yorkda biznes yuritishni taqiqladi
Nyu-Yorkda sud AQSHning 45-prezidenti Donald Trampni firibgarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 354,9 million dollar to‘lash majburiyati yuklandi. Sudya Artur Engoron, shuningdek, Trampga uch yil mobaynida Nyu-Yorkda istalgan korporatsiyaning xodimi yoki direktori bo‘lib ishlashni taqiqladi, deb xabar beradi Reuters. Sobiq prezidentning o‘g‘illari — kichik Donald Tramp va Erik Tramp 4 million dollardan to‘lashi kerak.
Sudyaning qarorida aytilishicha, Tramp va ish bo‘yicha boshqa javobgarlar “o‘z xatti-harakatlarining xato bo‘lganini tan olishga qodir emas”. “Umuman pushaymonlikning yo‘qligi patologiyaga yaqindir”, — deb hisoblaydi Engoron.
Sobiq prezidentning advokati Alina Xabba qarorni adolatsiz deb atadi. Uning fikricha, qaror “ko‘p yillar davom etayotgan va siyosat tomonidan kuchaytirilayotgan jodugarlar ovining avj nuqtasi”ga aylangan. “Gap faqat Donald Trampda emas. Agar bu qaror kuchda qolsa, u har bitta amerikalikka Nyu-York endi biznes uchun ochiq emasligi haqidagi signalga aylanadi”, — deyiladi advokatning bayonotida. Himoya tomoni apellyatsiya bermoqchi.
Da’vo Nyu-York bosh prokurori demokrat Letitsiya Jeyms tomonidan berilgan edi. U Donald Trampni o‘n yil davomida banklardan kreditlashning foydaliroq shartlariga ega bo‘lish uchun o‘z boyligini 3,6 milliard dollargacha oshirib ko‘rsatganlikda ayblagandi. Sobiq prezident o‘z aybiga iqror bo‘lmadi va da’voni siyosiy maqsadga ega deb hisobladi.
Sharhlar