Tayvanda bir kunda 200 dan ortiq zilzila yuz berdi
O‘tgan bir kecha-kunduzda Tayvanda kamida 218 ta zilzila va aftershoklar qayd etildi, deb yozadi “TASS” orol Markaziy meteorologiya boshqarmasiga tayanib. Tayvanda har soatda bir nechta martadan yer silkinmoqda. Mamlakat hukumati hozircha vayronagarchiliklar haqida xabar bergani yo‘q.
Meteorologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita eng kuchli zilzila 6,0 va 6,0 magnitudaga yetgan. 5,5 magnitudali ilk silkinishlar 22-aprel kuni mahalliy vaqt bilan 17:08 da (Toshkent vaqti bilan 14:08 da) qayd etilgandi.
Meteorologiya markazi direktori U Szyan-fu jurnalistlarga ma’lum qilishicha, so‘nggi bir kecha-kunduzda yuz bergan zilzilalar ketma-ketligi 3-aprel kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibati bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, silkinishlar “energiyani chiqarib yuborish” xususiyatiga ega bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 3-aprel kuni Tayvanda 7,2 magnitudali zilzila yuz bergan, u so‘nggi 25 yil ichidagi eng kuchlisi deb atalgan edi. Oqibatda 16 kishi halok bo‘lib, 1115 kishi jabrlangan edi.
Sharhlar