Durov Telegram Rossiya hukumati nazorati ostida ekanini rad etdi
Telegram Rossiya hukumati nazorati ostida ekani haqidagi ma’lumotlar unga qanday asos solinganidan bexabar odamlar tomonidan tarqatilmoqda. Bu haqda messenjer bosh direktori Pavel Durov amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Tadbirkor qayd etishicha, ushbu mish-mishlar Telegram’ning messenjer auditoriyasi o‘sib borayotganiga e’tibor qaratayotgan raqobatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
“Buni Telegram qanday kelib chiqqani haqida juda cheklangan ma’lumotga ega odamlar gapirishi mumkin. Ularni esa bizning raqobatchilarimiz rag‘batlantiradi, Telegram o‘rmon yong‘ini tezligida tarqalayotgani uchun ular shu yo‘l bilan bizni obro‘sizlantirmoqchi bo‘ladi”, — dedi Pavel Durov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram’da har kuni 2,5 million foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tib, ularning umumiy soni esa 900 million kishiga yetgan bir paytda, u marketingga “bir dollar ham” sarflamaydi.
Intervyuda Pavel Durov Telegram’ni yaratish g‘oyasi unda hali Rossiyada yashayotgan paytida paydo bo‘lgani, muloqot uchun xavfsiz va mustaqil platforma ishlab chiqish istagi bilan bog‘liq bo‘lganini aytdi. Yetti yil avval esa 2013-yilda ishga tushirilgan messenjerning bosh ofisi Dubayda ochilgandi. Durov aniqlik kiritishicha, bu qaror BAAning “siyosiy betarafligi” hamda mahalliy hukumat tomonidan bosim yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Sharhlar