The Wall Street Journal: Viktor But qurol savdosiga qaytdi

Фото: РБК

Qo‘shma Shtatlarda qurol savdosi ishi bo‘yicha sudlangan va amerikalik basketbolchi Brittni Greyner bilan almashish natijasida Rossiyaga qaytgan Viktor But yana qurol savdosi bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Yevropa rasmiysi va vaziyatdan xabardor boshqa manbalarga tayanib The Wall Street Journal yozadi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, But 2024-yil avgustida Moskvada yamanlik hutiylarga 10 million dollarga Kalashnikov avtomatlarini sotish bo‘yicha kelishuvda ishtirok etgan. Qurollarni oktyabr oyida yetkazib berish boshlanishi kutilmoqda, qurollar oziq-ovqat niqobi ostida Yamanning Xodeyda portiga boradi.

The Wall Street Journal Moskvaga o‘g‘it va mashina sotib olish bahonasida kelgan ikki hutiy vakili bilan tuzilgan shartnomada Butni vositachi sifatida ko‘rsatadi.

Kelishuvdan xabardor manbalar hutiylar bilan muzokaralar Kreml ko‘rsatmasi bo‘yicha olib borilganmi yoki faqat “uning so‘zsiz roziligi” bilan olib borilganmi – buni  bilishmaydi. Jurnalistlar rejalashtirilgan ta’minotning konkret manbasini aniqlay olmaganliklarini ham ta’kidlamoqda.

The Wall Street Journal suhbatdoshlariga ko‘ra, hutiylar Rossiya qurollarining boshqa turlari – tankga qarshi raketalar va zenit qurollariga ham qiziqish bildirishgan.

Viktor But “RBK”ga bergan izohida The Wall Street Journal nashrini Vladimir Putinning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan soxta ma’lumot deb atadi. “Mening pozitsiyamga kelsak, bu shunday – men hutiylar o‘zlarining resurslari yetarli emasligiga qaramay, o‘z vazifalarini juda mohirlik bilan bajarishlariga ishonaman. Ular, hech bo‘lmaganda, so‘nggi bir yil ichida Amerikaning 10 dan ortiq razvedka dronlarini urib tushirishdi va shuning uchun amerikaliklar yoki isroilliklarga tegishli barcha savdo kemalari Qizil dengizga o‘tishda katta qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Shuni ta’kidlashni istardimki, ommaviy axborot vositalarining ko‘zga tashlanadigan shaxslari yo‘qligi sababli, Amerika ommaviy axborot vositalari o‘zlari ilgari surgan, keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan “qurol baroni” brendidan va mening ismimdan foydalanmoqda. Bularning barchasi jamoatchilik e’tiborini ularning nashriga ko‘proq jalb qilish va nashrning, aftidan, pasaygan reytingini oshirish uchun qilinayotgani aniq”, – degan u.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.