Tojikiston fuqarolariga Rossiyaga kirishda ommaviy rad javobi berilmoqda
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari Rossiya elchisi Semyon Grigoryev bilan mamlakat fuqarolari so‘nggi vaqtlarda Rossiya chegarasini kesib o‘tishda duch kelayotgan qiyinchiliklarni muhokama qildi, deb yozadi Meduza.
Tojikiston tomoni Tojikiston fuqarolariga Rossiyaga kirishda asossiz rad javobi berilishi holatlari ommaviy tus olayotgani yuzasidan xavotir bildirgan.
25-aprel kuni Asia Plus nashri yuzlab tojikistonliklar Qozog‘istonning Janubiy Ural viloyati va Rossiyaning Orenburg viloyati chegarasidagi “Sagarchin” nazorat-o‘tkazish punktida bir necha kun qolib ketgani haqida xabar bergandi. Bir necha kishi jurnalistlarga video va audioxabarlar jo‘natib, 22-apreldan buyon Tojikiston raqamiga ega 180 ga yaqin avtomobil nazorat-o‘tkazish punktida turgani, Rossiyaga kiritilmayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Tojikiston fuqarolari chegarada so‘roq qilinayotganliklari va tekshirilayotganliklari yuzasidan shikoyat qilgan. Chegarachilar texnik nosozlikni pesh qilmoqda, ammo 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni va 60 yoshdan kattalarni navbatsiz o‘tkazib yubormoqda.
Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida yuz bergan teraktdan so‘ng Tojikistonda Rossiyadan mehnat muhojirlarining qaytib kelishi kuzatila boshladi. Tojikiston Mehnat vazirligi tojikistonliklarning “maishiy darajada” zulmga uchrayotganini qayd etdi, shuningdek, o‘zi ham tahdidlarga uchragan.
Sharhlar