Tojikiston Rossiyadagi teraktdan keyin mehnat muhojirlari bilan ishlashni kuchaytirdi
Tojikistonda mehnat muhojirlarining turli mamlakatlarda, shu jumladan, Rossiyada ekstremistik hamjamiyatlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida ular bilan tushuntirish ishlari kuchaytirildi. Bu haqda mamlakat mehnat vaziri o‘rinbosari Shahnoza Nodiriy ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy e’tibor ijtimoiy tarmoqlar orqali yollashning oldini olishga qaratilgan, bu bo‘yicha ishlar esa Tojikiston fuqarolari yashaydigan va diasporalar tashkil etilgan boshqa mamlakatlarda ham olib borilmoqda.
22-mart kuni Podmoskovyedagi “Krokus Siti Xoll” konsert zaliga bir guruh qurollangan shaxslar bostirib kirib, tomoshabinlarni o‘qqa tutdi, shundan so‘ng binoda yong‘in boshlandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, teraktda 144 kishi halok bo‘lib, 380 dan ziyod odam jabrlangan. Terakt haqida ish qo‘zg‘atilib, 11 kishi, shu jumladan 4 nafar taxminiy terrorchilar qo‘lga olindi, ular Tojikiston fuqarolaridir.
Sharhlar