Turkiya Tojikiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi

Foto: EADaily

Turkiya Tojikiston fuqarolari uchun viza rejimini qayta tikladi, deb yozadi “Kommersant”. Bunday farmon prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan imzolandi. Sabablarga aniqlik kiritilmayapti.

“Oddiy xorijga chiqish pasportiga ega Tojikiston fuqarolari uchun Turkiyaga safar qilishdagi vizasiz rejimni bekor qilish haqida qaror qabul qilindi”, — deyiladi rasmiy axborotnomada e’lon qilingan farmon matnida.

Eslatib o‘tamiz, Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir etilgan teraktda ayblanayotganlarning kamida ikki nafari hujumdan avval Istanbulga borgani xabar berilgandi. Ular Rossiyada istiqomat uchun ruxsatnomani uzaytirish maqsadida shunday qilgan. Gumonlanuvchilardan biri Shamsiddin Fariduniy Turkiyadadagi tojik ekstremistik tashkilotlari bilan aloqador bo‘lgan. Teraktni amalga oshirish uchun u Istanbulda tayyorgarlikdan o‘tgan.

Shuningdek, aprel boshida Istanbulda Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari teraktga tayyorlanishda gumon qilinib qo‘lga olingan edi. Tergov talqiniga ko‘ra, ulardan biri — tojikistonlik erkak ISHID a’zosi bo‘lgan. Qirg‘iziston fuqarosi esa deportatsiya qilingan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.