Sanksiyalarga qaramasdan, Hindiston Rossiyadan ikkita harbiy kema qabul qilib oladi

Foto: “RIA Novosti”

Hindiston yaqin oylarda 2018-yilda to‘rtta kema yetkazib berish haqida tuzilgan 2,2 milliard dollarlik bitim doirasida Rossiyada ishlab chiqarilgan ikkita harbiy kemani qo‘lga kiritadi. Bu haqda Bloomberg hindistonlik yuqori mansabli amaldorlarga tayanib xabar berdi. Qolgan ikkita kema Hindistonda Rossiya bilan hamkorlikda qurilmoqda, ammo yetkazib berishlar bilan bog‘liq muammolar tufayli grafikdan orqada qolmoqda.

Kemalardan biri sentabrda, ikkinchisi esa kelasi yil boshida Hindistonga yetkazilishi mumkin. Ukrainadagi nizo va u bilan bog‘liq sanksiyalar tufayli kemalarni yetkazib berish ikki yilga kechikmoqda.

AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalari sababli Hindistonga qurol yetkazib berish bir yildan ziyod vaqtga to‘xtab qoldi, chunki tomonlar cheklovlarni buzmaydigan to‘lov mexanizmini topishga uringandi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Hindiston va Rossiya to‘lov bilan bog‘liq muammolarni hal qilgan.

Nyu-Deli Moskvaga qurol uchun hind rupiyasi bilan to‘lamoqda, ammo neft xomashyosi uchun BAA dirhami yoki AQSH dollari kabi turli valyutalardan foydalanmoqda. Pekin bilan aloqalardagi keskinlik tufayli esa Xitoy yuanidan voz kechgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.