Trampning maslahatchilari dollardan voz kechgan mamlakatlarga qarshi sanksiyalarni muhokama qilmoqda
Davlat rahbarligiga yana o‘z nomzodini qo‘ygan AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning maslahatchilari mamlakatlarning dollardan foydalanishdan voz kechishiga qarshi choralarni ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi “Kommersant”. Xususan, dollarsiz “ikki tomonlama savdoda qatnashishning faol usullarini qidirayotgan” davlatlarga qarshi sanksiyalar kiritish muhokama qilinmoqda.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan choralar eksport nazorati, valyuta manipulyatsiyasi bo‘yicha ayblovlar va tariflar kiritilishini o‘z ichiga oladi. Ta’kidlanishciha, Tramp saylovda g‘olib chiqqan taqdirda, uning jamoasi tilga olingan choralarni “dedollarizatsiya” bilan faol shug‘ullanayotgan BRIKSga a’zo mamlakatlarga qarshi kiritishni rejalashtirmoqda.
Mart oyida bergan intervyusida Tramp “mamlakatlar dollardan voz kechayotganini ko‘rib nafratlanib ketishi”ni ochiqchasiga aytgandi. “Men mamlakatlarning dollardan voz kechishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardim, chunki bu standartni yo‘qotsak, bu inqilobda mag‘lub bo‘lish bilan teng bo‘aldi. Bu mamlakatimizga berilgan zarba bo‘ladi”, — degan edi sobiq prezident.
BRIKSga Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi kiradi. 2023-yil avgustidagi sammitda BRIKS mamlakatlari yetakchilari 2024-yil yanvaridan tashkilotga Argentina, Misr, Efiopiya, Eron, Saudiya Arabistoni va BAA qo‘shilishi haqida kelishib oldi. Ammo Argentina hokimiyat tepasiga prezident Xavyer Miley kelganidan so‘ng BRIKSga qo‘shilishdan bosh tortdi. Mart oyida Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov BRIKS raqamli valyutalar va blokcheyn asosida mustaqil to‘lov tizimini yaratishga intilayotganini aytgandi.
Sharhlar