Tramp o‘zining Floridadagi qarorgohida Netanyaxuni qabul qildi

Фото: DW

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp 26-iyul kuni Floridadagi Mar-a-Lagodagi qarorgohida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qildi. Bu haqda DW xabar beradi.

Uchrashuvda Tramp Oq uyga qaytsa, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishga intilishi va AQSh universitetlarida antisemitizmga qarshi faol kurash olib borishini aytdi.

Bu bayonotlar Trampning avvalroq G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatdan xavotir bildirgan vitse-prezident Kamala Xarrisni tanqid qilishlari fonida yangragan. Tramp uning so‘zlarini “hurmatsizlik” deb atadi va Xarrisni yahudiy elektorati qo‘llab-quvvatlashiga shubha bildirdi.

Netanyaxu, o‘z navbatida, uning AQShga tashrifi Xamas tomonidan garovga olingan isroilliklarni tezroq ozod qilishda yordam berishiga umid bildirdi. Bosh vazir Vashingtonga Eronga qarshi harbiy ittifoq tuzishni ham taklif qildi. Kecha Oq uyda prezident Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Xarris bilan uchrashuvda Netanyaxu mintaqada Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kuchlarga qarshi kurashish muhimligini ta’kidlab, G‘azoning tinch aholisini ataylab nishonga olish ayblovlarini rad etgandi.

Bayden, o‘z navbatida, tezda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish va G‘azo sektorida insonparvarlik yordamini oshirish muhimligini ta’kidlab, Isroil xavfsizligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Xarris esa antisemitizm kuchayishiga qarshi global kurashish zarurligini qayd etdi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.