Tramp Floridadagi qarorgohida Vengriya bosh vaziri bilan uchrashdi

Foto: UNN

AQSHning 45-prezidenti Donald Tramp va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida uchrashdi, deb xabar beradi “Kommersant”. Suhbat qariyb bir soat davom etganini Vengriya bosh vaziri matbuot kotibi ma’lum qildi.

Muzokaralar Tramp va Orbanning eng yaqin xodimlari bilan birgalikda o‘tkazilgan. Uchrashuvdan so‘ng ziyofat va konsert tashkil qilingan.

Vengriya avvalroq uchrashuvda Ukrainadagi vaziyat va ikki tomonlama aloqalar muhokama qilinishini aytgandi. Orban 7-mart kuni Vashingtonda bo‘lib, Heritage Foundation konservativ tadqiqot markazida nutq so‘zlagan. Vengriya bosh vaziri AQSHga Oq uy taklifi bilan kelmagan.

Donald Tramp va Viktor Orban uchinchi marta shaxsiy uchrashuv o‘tkazmoqda. Vengriya bosh vaziri AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden bilan biror marta uchrashmagan.

Avvalroq ushbu uchrashuv AQShning ittifoqdoshlari orasida Tramp prezident lavozimiga qaytishi ehtimoli yuzasidan xavotirni kuchaytirishi,  sobiq prezident saylovoldi poygasi chog‘ida “tashqi siyosat masalalariga tobora ko‘proq ta’sir o‘tkazayotgani”ni ta’kidlab ko‘rsatishi aytilgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.