AQSHda uchinchi shtat Trampga praymerizda qatnashishni taqiqladi
AQSHning Illinoys shtatidagi Kuk okrugi sudi sobiq prezident Donald Trampning ismi praymerizda ovoz berish ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas, deb qaror qabul qildi. Bunday qarorni sud Konstitutsiyaga kiritilgan 14-tuzatish asosida chiqargan bo‘lib, u isyon ishtirokchilarining davlat lavozimlarini egallashini taqiqlaydi.
Illinoys Trampga praymerizda qatnashishni man qilgan uchinchi shtatga aylandi. Avvalroq Kolorado va Men shtatlarida ham sudlar shunday qarorlar chiqargandi. Ammo qarorlar ijrosi AQSH Oliy sudi Trampning apellyatsiyasini ko‘rib chiqquniga qadar to‘xtatilgan.
Illinoys sudining qarori bo‘yicha ham Tramp jamoasi shikoyat arizasi berishi kutilmoqda.
Respublikachilar partiyasining praymerizi Illinoysda 17-martga belgilangan.
Tramp isyonda qatnashganlikda gumon qilinmoqda: 2021-yil yanvarida ikkinchi muddatga qayta saylana olmaganidan keyin u o‘z tarafdorlarini saylovlar yakunlari tasdiqlanayotgan Kapitoliyga borishga da’vat etgandi. Hujum natijasida besh kishi halok bo‘lgandi.
AQSH Oliy sudi aprel oxirida daxlsizlik huquqidan foydalanuvchi Trampni saylovlarga aralashish ayblovi bo‘yicha sud qilish mumkin yoki mumkin emasligi yuzasidan qaror qabul qilishi kerak.
Sharhlar