Donald Tramp suiqasddan keyin o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp saylovoldi mitingi chog‘ida o‘ziga qilingan suiqasd tafsilotlari haqida The New York Post’ga gapirib berdi.
Uning aytishicha, Maxfiy xizmat xodimlari qahramonlik ko‘rsatib, sahnadan taxminan 120 metr uzoqlikda o‘tirgan merganni otib tashlagan. O‘q yigitning ikkita ko‘zi o‘rtasiga tekkan.
Tramp otishma chog‘ida olingan videoni izohladi, unda otishmadan keyin agentlar siyosatchini sahnadan olib ketishga urinayotgani, u esa “To‘xtanglar, menga oyoq kiyimim kerak”, — deganini ko‘rish mumkin. Otishma chog‘ida agentlar Trampni shunchalik katta kuch bilan urib yiqitishganki, uning oyog‘idagi poyabzali uchib ketgan. Uning tirik qolganini shifokorlar mo‘jiza deb atagan.
Shuningdek, u suiqasddan keyin internetda ommalashib ketgan fotosuratni ham izohladi, unda Tramp qulog‘idan yaralangan holda mushtini havoga ko‘tarib turibdi. Videoda esa u “kurash” so‘zini bir necha marta takrorlaganini eshitish mumkin. “Ko‘pchilik bu ular ko‘rgan eng ramziy fotosurat ekanini aytmoqda. Ular haq, men esa o‘lmadim. Ramziy surat bo‘lishi uchun odatda o‘lish kerak bo‘ladi”, — dedi u.
AQSHning 45-prezidenti Donald Trampga 13-iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi mitingida suiqasd uyushtirildi. O‘q uning qulog‘iga tekkan. Mitingning bir ishtirokchisi halok bo‘lib, ikki kishi og‘ir yaralangan. Hujum qilgan shaxsning o‘zi Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan.
Sharhlar