Turkiya BRIKSga qo‘shilish uchun ariza berdi
Turkiya BRIKS tashkilotiga qo‘shilish uchun ariza berdi. Bu haqda 3-sentabr kuni Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili Omer Chelik ma’lum qildi, deb yozadi DW.
“Prezidentimiz biz BRIKSga a’zo bo‘lishni istashimizni bir necha marta ta’kidlab o‘tgan. Jarayon boshlandi”, — dedi u. Chelik ariza aynan qachon berilganiga aniqlik kiritmadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, natijalar paydo bo‘lgach, qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon BRIKSga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan edi.
BRIKS — hukumatlararo tashkilot bo‘lib, ayni paytda unga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, JAR, Misr, Efiopiya, Eron va BAA kiradi. Yana bir qator mamlakatlar tashkilotga qo‘shilish istagini bildirgan. BRIKS Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan. Vazirlarning tashkilot formatidagi ilk uchrashuvi 2006-yil 20-sentabrda BMT Bosh assambleyasining Nyu-Yorkdagi sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan.
BRIKSga a’zo bo‘lish yuridik ta’sirlarga ega emas. Ta’kidlanishicha, shu paytgacha unga a’zo mamlakatlar hatto erkin savdo haqida bitim imzolay olmagan.
Sharhlar