Ukraina armiyasi hujum harakatlarini to‘xtatib, mudofaaga o‘tdi

Foto: Reuters

Rossiya armiyasi hozir barcha frontlar bo‘yicha hujum qilmoqda, vaziyatni murakkab deb atash mumkin, dedi Ukraina qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida. U ushbu kanal bilan bosh qo‘mondon lavozimiga tayinlanishidan bir necha kun avval muloqot qilgan edi.

“Biz hujum harakatlaridan mudofaaga o‘tdik”, — dedi bosh qo‘mondon.

Kupyansk yo‘nalishida ayniqsa keskin janglar bormoqda. Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt oy ichida rossiyaliklar u yerda taxminan bir kilometrga siljigan va katta talafotlarni boshidan kechirgan.

Shuningdek, Sirskiy jangchilar hayotini saqlab qolish yo‘lida pozitsiyalarni tashlab ketishga tayyorligini bildirdi va askarning hayotini bosh qadriyat deb atadi.

Harbiy xizmatchilarning hayoti va sog‘lig‘i Ukraina armiyasining bosh qadriyati bo‘lgani va shunday bo‘lib qolayotgani haqida Sirskiy bosh qo‘mondon lavozimiga tayinlanganidan keyin ham aytib o‘tgandi. Shu bilan birga, G‘arb OAVlari yozishicha, Ukraina harbiylari uni Baxmut mudofaasidagi katta talafotlar tufayli “qassob” va “general-200” deb ataydi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.