Ukraina mansabdor shaxslar va harbiylarga Telegram messenjeridan foydalanishni taqiqladi
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Kiberxavfsizlik milliy muvofiqlashtirish markazi mansabdor shaxslar va harbiy xizmatchilarga Telegram messenjeridan ish qurilmalarida foydalanishni taqiqladi. Departament bayonotida aytilishicha, bu qaror mamlakatning asosiy xavfsizlik va raqamli vazirliklari vakillarining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan.
Ttaqiq mudofaa korxonalari, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlariga, shuningdek, “muhim infratuzilma” tashkilotlari xodimlariga ham ta’sir qiladi. Shu bilan birga, bir qator mansabdor shaxslar uchun istisno nazarda tutilgan: Telegram messenjeridan foydalanish ularning rasmiy vazifalariga kirsa, cheklovlar qo‘llanilmaydi.
Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov yig‘ilishda Rossiya razvedka xizmatlari Telegram foydalanuvchilarining shaxsiy yozishmalari, jumladan, o‘chirilgan xabarlar, shuningdek, ularning shaxsiy ma’lumotlariga kirish huquqiga ega ekanligini ma’lum qildi. “Men har doim so‘z erkinligi tarafdori bo‘lganman, ammo Telegram muammosi so‘z erkinligi emas, balki milliy xavfsizlik masalasidir”, – deya ta’kidladi u.
Ukraina razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Telegram messenjeridan kiberhujumlar, fishing va zararli dasturlarni tarqatish, foydalanuvchilarning geolokatsiyasini kuzatish va raketa zarbalarini sozlash uchun faol foydalanmoqda. Taqiq mumkin bo‘lgan tahdidlarni minimallashtirish uchun kiritilgan.
Ukrainada Telegram messenjerini taqiqlash haqidagi munozaralar anchadan beri davom etmoqda. Frantsiyada messenjer asoschisi Pavel Durov hibsga olinganidan keyin Oliy Rada deputatlari Telegram ishini tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi, biroq uning yakuniy versiyasi hali taqdim etilmadi.
Sharhlar