Norvegiya va Ukraina xavfsizlik sohasida bitim imzolaydi
Norvegiya va Ukraina xavfsizlik sohasida ikki tomonlama bitim tuzishga kelishib oldi, deb yozadi DW.
“Norvegiya Ukrainaga uzoq muddatli harbiy, siyosiy, moliyaviy va gumanitar ko‘mak taqdim etadi”, — dedi Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde 15-aprel kuni Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin.
Bitim Zelenskiy va Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida imzolanadi (uning sanasi hozircha noma’lum). “Bitim bundan ikki yil avval Rossiyaning shafqatsiz, to‘liq ko‘lamli hujumidan keyin bo‘lganidek, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga siyosiy jihatdan sodiqlaigimizni namoyon qiladi”, — deya qo‘shib qo‘ydi Eyde.
2023-yilda Norvegiya Kiyevga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Frityof Nansen nomidagi ko‘p yillik dastur doirasida qariyb 7 milliard yevro ajratdi. Dastur 2027-yilga qadar Ukrainaning harbiy va gumanitar ehtiyojlariga har yili mablag‘lar ajratishni ko‘zda tutadi.
O‘q-dorilar yetishmovchiligi va Rossiya armiyasining frontda ilgarilab ketishi fonida Kiyev yevropalik ittifoqchilari bilan xavfsizlik sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Ukraina bunday ikki tomonlama kelishuvlarni Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi bir nechta mamlakatlar bilan ham imzolashga ulgurgan.
Sharhlar