Ukraina o‘z qo‘shinlarini Avdeyevkadan olib ketishni boshladi
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Avdeyevkadan qo‘shinlar olib ketilayotganini e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant”. UQKning “Tavriya” guruhi qo‘mondoni Aleksandr Tarnavskiy “shaxsiy tarkib allaqachon olib ketilgani”ni va ukrainalik harbiylar “muayyan marralarda mudofaa pozitsiyasini egallagani”ni ma’lum qildi.
“Avdeyevka atrofida yuzaga kelgan tezkor sharoitni hisobga olib, qurshovda qolib ketmaslik hamda harbiy xizmatchilar hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish maqsadida, bo‘linmalarimizni shahardan olib ketib, boshqa, ahamiyati bundan kam bo‘lmagan marralarda mudofaaga o‘tish haqida qaror qildim”, — deb yozdi Sirskiy Facebook’da.
Qo‘shinlarning Avdeyevkadan olib chiqilishi, G‘arb OAVlari axborotiga ko‘ra, prezident Vladimir Zelenskiy va fevral boshigacha UQK bosh qo‘mondoni bo‘lib kelgan Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabablaridan biri bo‘lgan. Zalujniy, Bild ma’lumotlariga qaraganda, shahardan bir necha hafta avvalroq harbiylarni olib ketmoqchi bo‘lgan, ammo Zelenskiy buni rad etib, 30-dekabr kuni o‘zi Avdeyevkaga kelgan edi.
Sirskiy bosh qo‘mondon lavozimiga kirishganidan keyin Avdeyevka yo‘nalishidagi o‘ta murakkab vaziyat haqida ma’lum qildi. Zelenskiy yangi bosh qo‘mondon vazifalarini belgilab berar ekan, “generallar dronlar omborning qaysi burchagida qolib ketganini aniqlashtirgunicha, Avdeyevka kutib turmasligi kerak” degan edi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi 15-fevral kuni Avdeyevka Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tish ostonasida turganini aytgandi.
Sharhlar