Putin: Ukraina saylovlarga xalal berish uchun Rossiya hududlariga hujum qilishga urinmoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hafta oxiriga belgilangan prezident saylovlari o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida Rossiya hududlariga hujum qilishga urinayotganini aytdi, deb yozadi “Kommersant”. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar sababi muzokaralar jarayonida “kuzirni qo‘lga kiritish” istagidan iborat bo‘lishi ham mumkin.
“Shubham yo‘qki, asosiy maqsad Rossiyada prezidentlik saylovini barbod qilish bo‘lmasa-da, fuqarolarning o‘z xohish-irodalarini ifodalash jarayoniga qanday qilib bo‘lsa-da xalal berishdan iborat. Bu birinchisi. Ikkinchisi, oldin aytganimdek, axborot ta’siri”, — dedi Putin “Rossiya 1” va “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hujumlar Ukrainaning jangovar harakatlar hududidagi muvaffaqiyatsizliklari fonida yuz bermoqda. Putin ularning yana bir sababi muzokaralarda ustunlikka ega bo‘lish ekanini ta’kidladi. “Uchinchisi — agar nimadir amalga oshib qolsa, ehtimoliy bo‘lg‘usi muzokaralar jarayonida qandaydir imkoniyatga, dalilga, kuzirga ega bo‘lish: ya’ni biz sizga buni qaytaramiz, siz esa uni qaytarsiz, deb aytish uchun”, — deya aniqlik kiritdi Rossiya prezidenti.
12-mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Moskva, Leningrad, Belgorod, Kursk, Bryansk, Tula va Orlov viloyatlarida uchuvchisiz uchar qurilmalar urib tushirilgani haqida xabar berdi. Shuningdek, idora Belgorod va Kursk viloyatlari hududlariga qo‘poruvchilar bostirib kirishga uringanini ma’lum qildi. 13-martga o‘tar kechasi esa Bryansk, Belgorod, Kursk va Leningrad viloyatlari hujumga uchradi. Ryazan viloyatida dronlar zarbasidan neft quvuri yonib ketdi.
Sharhlar