NATO sammitida 20 dan ortiq mamlakat yetakchilari “Ukraina shartnomasi”ni imzoladi

Foto: Reuters

Vashingtondagi NATO sammitida Ukraina va 20 dan ortiq mamlakat “Ukraina shartnomasi” nomli hujjatni imzoladi, matn Yevrokomissiya saytida e’lon qilindi, deb yozadi “RBK”.

Shartnomada aytilishicha, Ukraina xavfsizligi — Yevroatlantika mintaqasi va dunyoning boshqa qismlari xavfsizligining ajralmas bo‘lagidir, Kiyev “g‘alaba qozonmaguniga qadar” ko‘mak olib turadi. Bundan tashqari, hujjatda Ukrainaning “xavfsizlik mexanizmlari”ni mustaqil tanlash huquqi e’tirof etilgan.

Shartnomani imzolaganlar Ukrainaning mudofaa va xavfsizlik sohasidagi shoshilinch ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash, UQKni modernizatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tezlashtirish, shuningdek, “bo‘lg‘usi hujum” yuz bergan taqdirda, Ukrainaga yordam berish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.

Hujjatda uni imzolagan mamlakatlar ikki marta sanab o‘tilgan, ammo ikkala holatda ularning soni ikki xil. Birinchi xatboshida 21 ta davlat tilga olingan: AQSH, Belgiya, Kanada, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Islandiya, Italiya, Yaponiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, shuningdek, Ukraina, Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi. Matn oxirida esa 23 ta mamlakat sanalgan, ya’ni Chexiya va Sloveniya qo‘shilgan.

NATO a’zolari orasida Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Gretsiya, Shimoliy Makedoniya, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, Xorvatiya va Chernogoriya hujjatni imzolamagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.