Ukraina Patriot batareyalari evaziga Rossiya neft zavodlariga hujumlarni bas qilishi mumkin — Kuleba

Foto: Global Look Press

Agar Ukraina Patriot havo hujumiga qarshi mudofaa batareyalarining yangi partiyasini qo‘lga kiritsa, Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning g‘arblik ittifoqdoshlari undan hujumlarni bas qilishni so‘rab, ammo buning evaziga hech narsa taklif qilmayapti.

“O‘z manfaatlarimizdan kelib chiqib fikr yuritishimiz kerak. Agar sheriklarimiz sizga yettita Patriot batareyasini beramiz, lekin bitta shartimiz bor, mana shu va mana shuni qilmang, desa, unda gaplashsa bo‘ladi. Agar batareyalar bo‘lmasa, yordam paketi bo‘lmasa va sizdan nimadir so‘rashsa, muzokaralar uchun mavzu yo‘q — hamma o‘z bilganicha yashash uchun kurashmoqda”, — dedi Ukraina vaziri “Rada” telekanali efirida.

4-aprel kuni Kuleba NATOdan Patriot zenit-raketa majmualarini so‘ragan edi. Uning aytishicha, bu Rossiya raketalarini samaradorlik bilan urib tushirishga qodir yagona havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi. 10-aprel kuni Washington Post’ga bergan intervyusida uning “yumshoq” diplomatiyasi muvaffaqiyat keltirmaganini va endi u G‘arbdan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini qat’iylik bilan so‘ramoqchi ekanini aytgandi.

Ukraina harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan buyon Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 12 marta hujum qilingan (2024 yilda kamida 9 marta). Mart o‘rtalarida Kiyev ikki marta dronlar yordamida eng yirik hujumlarni amalga oshirdi, natijada ketma-ket bir necha kun ichida Rossiyaning yettita energetika ob’ektiga muvaffaqiyatli zarbalar berildi.

Shundan keyin AQSh hukumati Ukrainani Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni bas qilishga chaqirdi. Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalariga nisbatan AQShning munosabati ijobiy bo‘lmaganini Zelenskiy ham tasdiqladi. Keyinroq u g‘arblik sheriklar Ukraina hududlarining o‘qqa tutilayotganiga javoban, Rossiya infratuzilmasiga berilayotgan zarbalarni qo‘llab-quvvatlashi kerakligini aytdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.