Rossiya hududiga bostirib kirishga urinish chog‘ida Ukrainaning 234 nafar harbiysi yo‘q qilingani xabar berildi

военные
Foto: NATO

Ukraina tomonida turib jang qilayotgan qurolli guruhlar Rossiyaning Belgorod va Kursk viloyatlariga bostirib kirishga uringan paytda ularning 234 nafari o‘ldirildi, deya ma’lum qilmoqda RF Mudofaa vazirligi.

Idora qayd etishicha, 12-martga o‘tar kechasi qo‘poruvchilik-razvedka guruhi (QRG) uchta yo‘nalishda Rossiya chegarasini kesib o‘tishga uringan: Xarkov viloyatidagi Odnoborovka aholi punkti tomonidan hamda Belgorod viloyatidagi Nexoteyevka va Spodaryushino hududlaridan.

Barcha hujumlar qaytarilgani da’vo qilinmoqda. Xususan, Odnoborovka hududida QRG 60 nafargacha odamini va to‘rtta pikapini yo‘qotgan; Nexoteyevka yaqinida dushman tomon talafoti 45 kishi, ikkita tank va ikkita bronetransportyordan iborat bo‘lgan; Spodaryushinoda esa QRG 100 dan ortiq odamini, beshta tankini, uchta Bradley jangovar piyoda mashinalarini, ikkita avtomobilini va muhandislik mashinasini qo‘ldan boy bergan.

Bundan tashqari, Rossiya harbiylari Kursk viloyatidagi Tyotkino aholi punkti yaqinida to‘rtta hujumni qaytargani aytilmoqda. Ammo Mudofaa vazirligi ushbu jang tafsilotlarini va Rossiya qo‘shinlari orasidagi talafotni keltirib o‘tmadi. Rossiya harbiylari “davlat chegarasi buzilishi”ga yo‘l qo‘ymagani ta’kidlandi. Ayni paytda bir qator nashrlar janglar Rossiya hududida olib borilgani haqida yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina qo‘poruvchilik-razvedka guruhlari Rossiyaning Belgorod va Kursk viloyatlariga bostirib kirishga uringani haqida rossiyalik harbiy muxbirlar xabar bergan edi.

Keyinroq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Ukraina qurolli kuchlari Belgorod va Kursk oblastlariga bostirib kirishga uringanida, 100 kishi, dushmanning 6 ta tanki, Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmasi va 20 ta zirhli texnikasi yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.