Zelenskiy: Ukraina va Rossiya o‘rtasida faqat AQSH, Xitoy yoki Yevroittifoq vositachi bo‘lishi mumkin

Foto: AP Photo

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi vositachi rolini AQSH, Xitoy yoki Yevropa ittifoqi bajarishi mumkin, deya ma’lum qildi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida. Zelenskiy bunday fikrni Kiyev va Moskva o‘rtasida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban vositachi bo‘lishi mumkin yoki yo‘qligi haqida berilgan savolga javoban aytib o‘tdi, deb yozadi DW.

Vositachilar faqat “jiddiy, kuchli ittifoqchilar bo‘lishi mumkin, butun dunyo Rossiyani bu urushni to‘xtatishga majburlay oladi”, dedi Zelenskiy. “Rossiyaga ta’sir o‘tkazadigan yoki Rossiya va Putin bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyoti bo‘lishi kerak, yoki Putin qo‘rqadigan, Rossiyanikidan kuchliroq juda qudratli armiyasi bo‘lishi kerak. Dunyoda bunday mamlakatlar ko‘pmi? Ko‘p emas. O‘ylashimcha, AQSH — shunday mamlakat… va Xitoy va Yevroittifoq (Yevroittifoqning qandaydir bitta mamlakati emas, balki butun ittifoqning o‘zi), — dedi Zelenskiy.

U Rossiyaga qanday bosim o‘tkazish va Putinni qanday to‘xtatish borasida takliflar bildirganini, endi buning uchun barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi. “Chunki u kuchsizlarni hurmat qilmaydi”, — dedi Ukraina prezidenti.

Shuningdek, Zelenskiy Vengriya bosh vaziri Kiyevda u bilan uchrashgach, Moskvaga jo‘nab ketishidan xabari bo‘lmaganini aytdi, ammo bu Orbanning “mustaqil tanlovi” ekanini qo‘shib qo‘ydi. “U vositachi bo‘lishi ehtimoliga kelsak… Rossiya va Ukraina o‘rtasida vositachilik yo‘q”, — dedi Zelenskiy.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.