WP: Kiyevga Rossiyaning 100 km ichkarisiga Amerika quroli bilan zarba berish imkoniyati taqdim etildi
Qo‘shma Shtatlar Rossiya hududida Amerika qurollarini qo‘llash masofasini Rossiya-Ukraina chegarasidan 100 kilometrgacha cheklab qo‘ydi, deb yozadi Washington Post o‘z nomini oshkor qilishni istamagan ikki ukrainalik rasmiyga tayanib.
Payshanba kuni Pentagon matbuot kotibi Charli Dits AQSh Kiyevga Rossiya armiyasi Ukraina hududiga bostirib kirishga urinayotgan hududlarda Rossiyaga qarshi javob qaytarish uchun Amerika qurollaridan foydalanishga rozilik berganini tushuntirdi. Bunga AQSh havo hujumidan mudofaa vositalaridan Rossiya havo hududida joylashgan, lekin Ukraina hududiga hujum qilmoqchi bo‘lgan rus samolyotlarini urib tushirish uchun foydalanishga ruxsat berish kiradi, deya qo‘shimcha qildi Dits.
“Bu geografiya yoki ma’lum bir radius [quroldan foydalanish uchun] masalasi emas, bu aql-idrok masalasi, – dedi Dits. – Agar Rossiya Ukrainaga chegaradan hujum qilsa, Ukraina chegaradan turib unga hujum qilgan nishonlarga javob qaytarishi kerak”.
Biroq, bu 100 kilometrlik zonaga bombalar tashuvchi samolyotlar uchadigan Rossiyaning asosiy havo bazalari kirmaydi – ular endi harbiylar va tinch aholi uchun eng katta xavf tug‘diradi, deya ta’kidlaydi Washington Post manbalari.
Rossiya hududiga hujumlar uchun Amerika qurollardan foydalanishga qo‘yilgan ikki yillik taqiq unga qo‘riqlanadigan hudud yaratish imkonini berdi, Rossiya o‘sha yerlardan turib Ukrainaning chegara hududlariga zarba berardi, deb eslaydi nashr.
Washington Post gazetasi Ukraina harbiy doiralaridagi manbaning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda, uch hafta oldin olingan ruxsat “vaziyatni, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri front chizig‘ida aniq o‘zgartirdi”. Xususan, bunga Rossiyaning C-300/C-400 tizimlarining chegara yaqinida Amerikaning HIMARS tizimlari yordamida yo‘q qilinishi ta’sir ko‘rsatdi. Xarkovga raketa hujumlari shundan keyin to‘xtadi, deb yozadi nashr shahar meri Igor Terexovning so‘zlariga asoslanib.
Sharhlar