Rossiya Xarkovni o‘qqa tutdi. Raketalardan biri besh qavatli uyga kelib tushdi, to‘rt kishi halok bo‘ldi
Rossiya harbiylari 31-mayga o‘tar kechasi Ukraina hududiga Shahed-131/136 turidagi to‘rtta dron uchirdi va Xarkovga C-300/C-400 zenitli boshqariluvchi raketalar bilan, Kiyevga esa “Iskander-K” qanotli raketasi bilan zarba berdi. Bu haqda Ukraina Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
Uning so‘zlariga ko‘ra, UQK Kiyev, Zaporojye, Dnepropetrovsk viloyatlari chegarasida to‘rtta dronni hamda Kiyev viloyatida “Iskander-K” qanotli raketasini urib tushirgan.
Xarkovda raketalardan biri besh qavatli uyga kelib tushgan, natijada uchinchi va undan yuqori qavatlar vayron bo‘lgan, yong‘in yuz bergan.
Boshqa raketalar uy yaqiniga kelib tushgan. Xususiy korxona vayron bo‘lgan, 20 dan ortiq ko‘p qavatli turar joylarga, tez yordam va yong‘in xizmati avtomobillariga zarar yetgan.
Xarkov o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, 25 kishi jabrlangan, ularning ikki nafari bolalardir.
Kiyevda ham bir qator vayronagarchiliklar kelib chiqqan, ammo halok bo‘lganlar va jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Sharhlar