Putin Rossiya hukumatining yangi tarkibini tasdiqladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolarini va xizmatlar direktorlarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Bu haqda Kreml saytida xabar berildi.
Xususan, Putin kuch bloki vazirlarini va Tashqi ishlar vazirligi rahbarini o‘z lavozimlariga tasdiqladi. Mudofaa vaziri Andrey Belousov bo‘ldi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarlari lavozimlarini tegishli ravishda Vladimir Kolokolsev va Aleksandr Kurenkov saqlab qoldi. Ayni vaqtda Sergey Lavrov yana tashqi ishlar vaziri sifatida qayta tasdiqlandi, Konstantin Chuychenko esa Adliya vazirligi rahbarligida qoldi.
Birinchi marta vazir lavozimiga tayinlanganlar Anton Alixanov (sanoat va savdo vaziri), Mixail Degtyarov (sport vaziri), Oksana Lut (qishloq xo‘jaligi vaziri), Roman Starovoyt (transport vaziri) va Sergey Sivilev (energetika vaziri) bo‘ldi.
Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri, Nikolay Patrushevning o‘g‘li Dmitriy Patrushev, shuningdek, sobiq transport vaziri Vitaliy Savelyev bosh vazir o‘rinbosarlariga aylandi.
Bundan tashqari, Putin prezident administratsiyasi rahbariyatini tayinlash to‘g‘risida ham farmonlar imzoladi. Xavfsizlik kengashi sobiq kotibi Nikolay Patrushev va Tula viloyati sobiq gubernatori Aleksey Dyumin birinchi marta davlat rahbarining yordamchilari lavozimlarini egalladi.
Sharhlar