Peterburgdagi uchastkada saylov qutisiga yashirincha byulletenlar tashlangani aks etgan video tarqaldi (video)
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahar saylov komissiyasi Admiralteyskiy tumanidagi 5-saylov uchastkasida tekshiruv olib borilishini belgiladi. Bunga “Peterburg kuzatuvchilari” tomonidan tarqatilgan va Rossiya prezidenti saylovlarida ovozlarni qalbakilashtirish jarayoni aks etgan videoroliklar sabab bo‘ldi, deb yozadi Meduza.
Videolardan birida bir ayol tizzalab yurib kelib, ovoz berish qutisiga byulletenlarni tashlaganini ko‘rish mumkin. Keyin yana bir ayol kelib, unga yordamlasha boshlagan. Bu vaqtda oyna bilan to‘silgan qo‘shni xonada forma kiygan erkak o‘tiribdi, ammo u ayollarga e’tibor bermayapti.
Ikkinchi videoda esa ayol quti yonida yotib olib, uni u yoqdan bu yoqqa chayqamoqda, katta ehtimol bilan, o‘zi solgan byulletenlar aralashib ketishi va ko‘zga tashlanib qolmasligi uchun.
Jurnalistlar videoda aks etgan ayolni topib, u bilan bog‘langan, ammo u bunday ish bilan shug‘ullanganini rad etgan. “Kechqurun komissiya xonasini tark etganman, tamom-vassalom. Ichkarida politsiyachilar qolgandi”, — dedi u.
Sharhlar