Yer yuzi aholisining qariyb yarmi og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklaridan aziyat chekmoqda

Foto: TRT

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, og‘iz bo‘shlig‘i patologiyalari — yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning eng keng tarqalgan turlaridan. Hozir dunyo bo‘yicha taxminan 3,5 milliard odam shunday xastaliklardan aziyat chekmoqda.

Buning asosiy sababi, avvalo, tish parvarishiga e’tiborsizlik bilan bog‘liq. Oqibatda kariyes, milk kasalliklari, tishlar tushishi, og‘iz bo‘shlig‘i saratoniga chalinish holatlari yil sayin ko‘paymoqda.

JSST rahbari Tedros Gebreyesusning qayd etishicha, millionlab insonlar og‘iz bo‘shlig‘i salomatligini ta’minlash bilan bog‘liq tibbiy xizmatlardan foydalana olmaydi. Chunki ularning narxi sezilarli darajada qimmat.

Shu bois tashkilot bu borada hukumatlarni tegishli choralarni ishlab chiqish va profilaktika, diagnostika hamda davolash qamrovini oshirishga chaqirdi.

Xususan, JSST tomonidan og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi masalalariga bag‘ishlab ilk bor tashkil etilgan global yig‘ilishda 110 dan ortiq mamlakatlar delegatsiyalari tomonidan 2030-yilgacha mo‘ljallangan Og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya tasdiqlanishi kutilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.