Yevroittifoq Rossiyani Navalniyning o‘limi yuzasidan xalqaro surishtiruv o‘tkazishga va barcha siyosiy mahbuslarni ozod etishga chaqirdi
Yevroittifoqning xorijiy masalalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiya Aleksey Navalniyning “to‘satdan yuz bergan o‘limi yuzasidan mustaqil va shaffof xalqaro surishtiruv o‘tkazishga imkoniyat yaratishi” kerakligini aytdi, deb yozadi Meduza.
Yevropa kengashi saytida e’lon qilingan bayonotda Borrel Navalniyning vafoti uchun javobgarlik Rossiya prezidenti Vladimir Putin va RF hukumati zimmasida ekanini bildirdi.
“Yevroittifoq sheriklarimiz bilan yaqin muvofiqlikda Rossiya siyosiy rahbariyati va hukumatini javobgarlikka tortish hamda xatti-harakatlari uchun qo‘shimcha sanksiyalarga tortish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga soladi”, — dedi Borrel.
U, shuningdek, Rossiyada Aleksey Navalniy xotirasiga o‘tkazilgan aksiyalarda qo‘lga olingan barcha odamlarni zudlik bilan ozod etishga chaqirdi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari ta’kidlashicha, Navalniy butun umri davomida aqlbovar qilmas mardlikni namoyon qilgan, “Putin va uning rejimi esa undan qo‘rqqan”, shu jumladan, davom etayotgan urush va Rossiyadagi prezident saylovlari fonida.
“Janob Navalniyning kutilmagan va hayratda qoldirgan vafoti — Rossiyada tezlashayotgan va tizimli repressiyalarning yana bir belgisi. Yevropa ittifoqi o‘zining Rossiyaga nisbatan zudlik bilan va so‘zsiz ravishda boshqa barcha siyosiy mahbuslarni, shu jumladan, Yuriy Dmitriyev, Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Aleksey Gorinov, Liliya Chanesheva, Kseniya Fadeyeva, Aleksandr Skochilenko va Ivan Safronovni ozod etishga chaqirig‘ini takrorlaydi”, — deyiladi da’vatda.
Avvalroq Yevroittifoq va AQSH yetakchilari RF prezidenti Vladimir Putin Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etgani uchun javobgar bo‘lishini ma’lum qilgandi. Kremldagilar buni izohlar ekan, sudtibbiyekspertlar xulosalari hali bo‘lmagani sababli, bayonotlarni “haddidan oshish va mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan” deb atadi.
Sharhlar