Yuliya Navalnaya o‘zining prezidentlik ambitsiyalari haqidagi xabarlarga izoh berdi
Yuliya Navalnaya erkin Rossiyadagi saylovlarda ishtirok etishni rejalashtirmoqda, biroq intervyuda prezidentlik lavozimi haqida gapirganini rad etadi. Bu haqda u “Dojd” nashriga bergan intervyusida gapirdi.
“Bi-bi-si jurnalisti mendan saylovda qatnashishimni so‘radi. Va men nomzodimni qo‘yaman deb javob berdim. Lekin men bu prezidentlik saylovlari bo‘ladi, deb aytganim yo‘q. Buni ommaviy axborot vositalarining o‘zlari o‘ylab topgan. Shu bilan birga, albatta, mening siyosiy ambitsiyalarim ham bor. Va agar shunday imkoniyat paydo bo‘lsa, men Rossiyada yetakchilik pozitsiyalariga intilaman”.
Navalnaya muxolifatning hozirda uzoq muddatli harakat rejasi yo‘q degan fikrga qo‘shildi. Biroq, u “har kuni siz qodir bo‘lgan foydali harakatni” qilishga chaqirdi.
“Reja paydo bo‘ladi. Biz odamlarni ushbu rejaga tayyorlashimiz kerak, biz uni ishlab chiqishimiz kerak. Bu uzoq vaqtni talab etadi, lekin men bunga ishonaman. Ertaga bo‘ladi deb va’da bermayman, lekin biz albatta g‘alaba qozonamiz. Mamlakatni qotil va harbiy jinoyatchi boshqara olmaydi. Albatta, biror narsa uchun kurashsangiz, unga ishonishingiz kerak”.
BBС rus xizmati oktyabr oyi oxirida Navalnaya Rossiyaga qaytib, erkin prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. “Dojd” nashriga bergan intervyusida Navalnaya Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadan olib chiqilishi va Putinning mag‘lubiyatini “urushning yagona adolatli natijasi” deb atadi.
Sharhlar