Isroil Erondagi aviabazani nishonga olib zarba bergani ma’lum bo‘ldi
Isfaxon shahri yaqinidagi Eron harbiy aviabazasi zarbaga uchragan, deb xabar qiladi New York Times uch nafar eronlik mansabdorga tayanib. Gazeta suhbatdoshlari aniqlik kiritishicha, zarba 15-aprelga o‘tar kechasi Eron tomonidan qilingan hujumga Isroil tomonidan berilgan birinchi javob bo‘lgan.
Isfaxon yaqinida, Eronning markaziy qismida shahid Babaiy nomidagi 8-taktik aviabaza joylashgan. NYT parvozlarni kuzatish saytlariga tayanib qayd etishicha, fuqarolik samolyotlari o‘z yo‘nalishlarini o‘zgartirgan va Isfaxon hududini aylanib o‘tmoqda.
Eron kosmik agentligi vakili Husayn Dalirian X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Eron havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari bir nechta dronlarni urib tushirgan, “raketa hujumi haqida hozircha ma’lumot yo‘q”.
Avvalroq Eronning Fars agentligi Isfaxon fuqarolik aeroporti yaqinida portlash sodir bo‘lgani haqida yozgandi. Ayni paytda, agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Isfaxon viloyatidagi yadro obyektlariga hujum qilinmagan va ular to‘liq xavfsiz holatda turibdi.
Sharhlar