Zelenskiy Putin 2019-yilda Donbassda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirganini aytdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2019-yilda Donbassda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Bu haqda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy “Ukraina. 2024-yil” forumida ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, normand formatidagi sammit doirasida yuzma-yuz uchrashuv chog‘ida Putin undan Ukrainaning janubi-sharqiy qismida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Zelenskiy qayd etishicha, u Rossiya prezidenti bilan uzoq suhbatlashgan va u “raqamlarni hisobga olgan holda” qo‘shinlarni olib ketish bo‘yicha “Minsk kelishuvlari” ish bermasligini ta’kidlagan.
“Men unga aytdimki, biz hali 20 yil davomida qo‘shinlarni olib ketamiz deb. Biz hali 20 davomida muzlatilgan nizo holatida bo‘lamiz, bu esa urush tugamaganini bildiradi. Mana shu haqda gaplashgandik”, — dedi Zelenskiy. U Putin bilan uzoq vaqt “savdolashgani”ni qayd etdi.
“U hadeb o‘t ochishni to‘xtatish masalasini ko‘targandi, lekin siz bilasizki, bu ish bermasligi mumkin. Biz bu qanaqa bo‘lishini keyin ko‘rdik ham. Bir necha oy qandaydir ish bergandek bo‘ldi, urinishlar bo‘ldi, keyin esa talafotlar bo‘ldi”, — deya qo‘shib qo‘ydi prezident.
Zelenskiy 2019-yilda o‘t ochishni to‘xtatishni Donbassda tinchlikka erishish bo‘yicha o‘z rejasining birinchi bosqichi deb atagandi. Shu bilan birga, u DXR va LXR tomonidan ukrainalik harbiylarning o‘qqa tutilishiga qat’iy javob berilishini ta’kidlagandi. Voqealarni Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi muzokaralar jarayoniga xalal berishga urinishlar bilan izohlagandi.
Sharhlar