Zelenskiy urushning ikki yili ichida 31 ming ukrainalik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi

Фото: REUTERS

Ukraina Rossiya bilan nizoda 31 ming harbiy xizmatchisini yo‘qotdi, har bitta yo‘qotish — mamlakat uchun katta fojia, dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Ukraina.2024-yil” forumi doirasidagi matbuot anjumanida.

“Yaradorlar qancha ekanini aytmayman, chunki Rossiya jang maydonini necha kishi tark etganini bilib oladi”, — dedi Zelenskiy.

Prezident qo‘shimcha qilishicha, bedarak yo‘qolganlar sonini ham e’lon qilmaydi, chunki bu ma’lumotga aniqlik kiritish talab etiladi: yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilganlarning ba’zilari keyinroq asirlar bilan ayirboshlash doirasida qaytarilgan.

“Zelenskiy yolg‘on gapirayotganini Ukrainaning har bir fuqarosi tushunib o‘tiribdi, birinchi navbatda Ukraina qurolli kuchlarining har bir a’zosi”, — deya uning gaplariga munosabat bildirdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova.

Rossiya tomoni Ukraina yo‘qotgan harbiy xizmatchilar sonini doimiy ravishda e’lon qilib boradi. Xususan, o‘tgan yil oxirigacha, Rossiya Mudofaa vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaning 383 ming harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, 2024-yil yanvarida esa 23 ming nafar askar halok bo‘lgan yoki yaralangan..

Ukraina talafotlari haqidagi ma’lumotlar chet el nashrlari tomonidan ham manbalarga tayanib e’lon qilib boriladi. The Economist UQKning kamida 70 ming askari halok bo‘lib, 120 mingi yaralanganini, The New York Times esa 150 mingdan ortiq harbiy xizmatchi o‘lgan yoki yaralanganini ma’lum qilgandi.

Nashr eslatishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi RF armiyasi talafoti haqida so‘nggi marta 2022-yil sentabrida ma’lum qilgan, o‘shanda harbiy operatsiya boshidan buyon 5937 kishi halok bo‘lgani aytilgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.