“Kechirasiz, bunday raqam mavjud emas”: Mehnat vazirligi portalidagi vakansiyalar haqiqiymi?

Источник: yandex.ru

O´zbekistonda pedagog diplomi bilan ish izlayotganlarning aniq statistikasi yo´q. Ammo 24 mingdan ortiq ish joylari taklifi mavjud ekanini ish.mehnat.uz portalida ko’rishimiz mumkin. Davlat idora va tashkilotlari har oyning 5-kuniga bu portalga ma’lumot yuklaydilar. Portalni yaratish va rivojlantirish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yuklatilgan.

Portalda doimiy ravishda o’ttizdan ortiq soha yo’nalishlari bo’yicha bo´sh ish o’rinlari e’lon qilinadi. Ta’lim sohasi 100 mingga yaqin vakansiyalarning 25% ni tashkil etadi. Ya’ni har to’rtinchi bo’sh ish o’rni – pedagog kadr uchun. Oktyabr oyidagi takliflarning maosh va stavkasini 14 mingdan ortig e´lon asosida tahlil qildik. O’qituvchilarga eng katta talab Toshkent viloyatida bo´lgan. Navoiy, Jizzax va Andijon viloyatlarida esa eng kam ish o´rni e´lon qilingan

Yuqorida qayd etilganidek O’zbekistonda 24 mingdan ortiq o’qituvchi, murabbiy va ta’lim sohasi xodimlariga ehtiyoj bor. Aslida ushbu vakansiyalar mavjudmi? Deylik, o´qituvchimiz va ish izlayapmiz. Ko´rsatilgan raqamlarga ish so’rab murojaat qilganimizda bo’sh ish o’rni yo’q, yoki umuman bunday raqam mavjud emas degan javoblarni olishimiz ehtimoli qay darajada?

Aziz (ismi o’zgartirilgan) 2019 yilda Buxoro Davlat Universiteti Tarix fakultetini tamomladi, ammo o’z sohasi bo’yicha ish topishda qiyinchiliklarga uchradi.

“O’qishni tugatganimdan so’ng soham bo’yicha ish izlay boshladim. Bu saytda e´lon qilingan ish o’rinlari bo’yicha bir nechta maktabga ham borganman. Olgan javoblarim ish yo’q, hech qanday vakansiya e’lon qilishmagan, bo’sh ish o’rniga yaqinda odam oldik va boshqa turli rad javoblari bo´ldi. Shundan so’ng Xalq ta’limi vazirligining Buxoro shahar bo’limiga bordim. Menga ikkita maktabda bo´sh ish o´rni borligini aytishdi. Ammo bu maktablar rus tiliga ixtisoslashgani uchun huquq fanidan OTMni rus tilida tamomlagan o’qituvchi kerakligini aytishdi. U yerdan ham rad javobini oldim.

0,5 va 0,2 stavkada ish

Yarim stavkada ishlash bo´yicha takliflar aksariyat viloyatlarda vakansiyalarning eng katta qismini tashkil etadi. Faqat Jizzax viloyati va Toshkent shahri o’rtacha 1 stavkalik o’rinlarni taklif etadi. Buxoro shahri maktablari esa o’rtacha 572 000 so’mlik oylik maoshni taklif etishadi.

Aziz nihoyat maktablardan birida ish izlab topdi, ammo maoshning juda pastligi sabab oliy ma’lumotligi haqidagi diplomni bir chetga qo’yib, Rossiyaga oddiy ishchi bo’lib ketishga majbur bo’ldi.

“Ish so’rab Prezident portaliga murojaat qilganimdan so’ng menga Buxoro shahridagi maktablarning birida 0,25 stavkada ish taklif qilishdi. Oilamda yagona boquvchiman, 400 ming so´m maoshga oila tebratib bo´ladimi deb,  Rossiyaga ketishga majbur bo’ldim. To´rt yil umrimni bekorga sarflaganimga achinaman. Bu yerda o’zimga  o’xshagan oliy ma’lumotli migrantlar juda ham ko’p” – deya fikrini tamomlaydi qahramonimiz.

“Kechirasiz, bunday raqam mavjud emas”

Ushbu bo’sh ish o’rinlarining barchasi haqiqatdan ham mavjudligini tekshirish uchun Buxoro, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridagi 54 ta maktabni tanlab oldik. Maktablarga qo’ng’iroq qilib ish so’radik. Ko’rsatilgan raqamlarning aksariyati noto’g’ri berilgani yoki umuman mavjud emasligi aniqlandi. Har uchinchi maktab ish joyi yo’q degan javobni berdi. Ro’yxatimizdagi 8 ta maktab haftasiga 10 soatlik dars yuklamasini taklif etdi. Bu 100 AQSH dollariga teng maosh degani.

Tajribamiz asosida 15% ga yaqin vakansiyalar haqiqiy ekanligini aniqladik. Portaldagi 25 ming bo´sh o´rinlarining qanchasi soxta degan savol tug´iladi. Milliy portaldagi vakansiyalarning “nakrutka”si qanday paydo bo´lyapti?

Holatga aniqlik kiritish maqsadida Bandlik va mehnat vazirligining Buxoro viloyat boshqarmasidagi sobiq mulozimi bilan suhbatlashdik. Uning so’zlariga ko’ra 0.5 stavkada kam oylik maosh taklif etiladi, shu sababdan hech kim ishlamaydi. Pedagoglarni maktabda ushlab turishning yagona “yo´li” – ularga qo’shimcha 0.25 stavkadagi joylarni berish. Ya’ni bitta pedagog bir nechta joyda 0.25 stavkada ishlaydi. Faqat shu yo’l bilan biroz ko’proq daromad topadi.

“Yana bir jihat, har oyda bo’sh o’rin ko’rsatolmagan maktab ma’muriyatiga turli jarimalar qo’llaniladi, shu sababdan maktablar soxta o’rinlarni bor qilib ko’rsatishga majbur”- dedi ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz.

Ma’lumot o’rnida, qonunchilikda tashkilotlar tomonidan majburiy ravishda vakansiya ko’rsatish shartligi belgilanmagan. Unga ko’ra, bo’sh ish o’rni bo’lmasa tashkilot o’z ma’lumotlarida “0” belgisini qo’yishi mumkin.

ish.mehnat.uz O’zbekistondagi mehnat bozorining rasmiy qiyofasidir. Unda qaysi soha vakillariga ehtiyoj ko’pligi, mehnat bozorining takliflari va shartlari haqida ma’lumot olish mumkin. Biroq, bazada soxta vakansiyalarni e’lon qilish, ularni doimiy to’ldirib borish mamlakatning mehnat bozoridagi asl vaziyatni yashiradi va ish o’rni ko’pligi illyuziyasini yaratadi. Vaqti kelib yoriladigan sun’iy “pufaklar” mehnat bozorini inqirozga olib keladi va ishsizlikning keskin ortib ketishiga sabab bo’ladi.

Mualliflar:

Nodirbek Norto‘rayev

Asliddin Kamalov

Abror Qurbonmuratov

Najotbek Masharipov

Mentorlar:

Altinay Mambetova

Dilfuza Mirzaxmedova

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.